Avvalroq “Hamster Kombat” mini-ilovasi 20-sentabr kuni yangi tangalar ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma’lum qilgandi.

Undan keyin o‘yinning “Telegram"dagi kanalida jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirilgani haqida xabar berildi.

Foydalanuvchilar mablag‘larni yechib olish uchun biriktirilgan manzil mavjudligini tekshirishlari va uning tasdiqlanganiga ishonch hosil qilishlari kerak edi.

Shundan so‘ng, 21-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 01:55da o‘yin yaratuvchilar bu bilan o‘yin tugamaganini, unda oraliq mavsum boshlanayotganini e’lon qilishdi.

“Interlude” mavsumi ikkinchi mavsum oldidan “qizib olish” uchun chiqarilgan bo‘lib, u bir necha hafta davom etadi.

““'Interlude"da ishtirok etish va olmoslar farmingi kelgusi mavsumda sizga qo‘l keluvchi afzalliklarni taqdim etadi. Ko‘proq olmos — ko‘proq foyda”, deyiladi xabarda.

Oraliq mavsumda yangi kartalar va o‘yinlar paydo bo‘ldi va kristallar yangi valyutaga aylandi. Undagi barcha “skin"lar endilikda bepul.

“Skin” — bu o‘yindagi qahramon kiyimi yoki tashqi ko‘rinishining, shuningdek, ayrim o‘yin qurollarining nomi.

Avgust oyi oxirida “Hamster Kombat” jamoasi 26-sentabr kuni “HMSTR” tokenining ro‘yxatga olinishini e’lon qilgandi.

“OKX” kripto-birjasi birinchi bo‘lib yangi aktiv bilan savdoni boshlash rejalarini e’lon qildi, keyin “Bybit”, “Bitget”, “Bitfinex” va “Binance” qo‘shildi. Ikkinchisi 19-sentabrdan boshlab “Launchpool” oldindan kirish token platformasida “HMSTR” farmingni ishga tushirishga va’da berdi.

Shuningdek, o‘yin aktivini qo‘llab-quvvatlash “Telegram Wallet” xizmatida paydo bo‘ladi. Uni p2p bozorida sotish va boshqa kriptovalyutalarga almashtirish mumkin.

“Telegram” asoschisi Pavel Durov iyul oyi boshida “Hamster Kombat"ni tarixdagi eng tez rivojlanayotgan servislardan biri deb atagandi. Ishga tushganidan keyin uch oy ichida deyarli 240 mln foydalanuvchi o‘yinga ulangan.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bu o‘yin kripto-aktiv bo‘lishi uchun blokcheyn texnologiyasi, uning qiymati va egasi bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Shundagina u mulkiy huquqqa tenglashtirilishi mumkin.