Avvalroq Toshkentda aholi va biznes uchun issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari narxi 15%ga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Bu joriy yilda narxlarning ikkinchi marta oshirilishi bo‘lmoqda.
“Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi tariflar oshirilishi sabablariga izoh berdi. Narxlar oshishiga asos sabablardan biri bu issiqlik va issiq suv ishlab chiqarish uchun zarur energiya resurslari — gaz va elektr energiyasi narxlarining oshishi bo‘lgan.
2023-yilning dekabrida qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida yuridik shaxslar va budjet tashkilotlari uchun tariflar oshirildi. Aholi uchun esa 2019-yildan buyon amalda bo‘lib kelgan tarif joriy yilning aprelidan boshlab 15%ga oshdi.
Kompaniya bu energiya resurslari narxining o‘sish sur’atidan sezilarli darajada past ekanligini, narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tariflar o‘sishi “asta-sekin va bir maromda amalga oshirilayotgani"ni ta’kidladi.
Qayd etilishicha, amaldagi aholi tarifi bazaviy tarifning 16%ni qoplab, kutilayotgan 15% o‘sishdan keyin bu 18%ni tashkil etadi. Qolgan qismi esa davlat subsidiyalari bilan qoplanadi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar hokimiga yuboriladi. Hokim qarorining loyihasi tanishish va jamoatchilik muhokamasi uchun www.regulation.gov.uz portalida e’lon qilinadi.
Undan keyin yakuniy qarorni hokim imzolaydi hamda tariflar mazkur qaror e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tgach kuchga kiradi. Tariflarning kuchga kirish sanasi “Veolia Energy Tashkent"ning rasmiy resurslarida e’lon qilinadi.
“Biz tariflarning oshirilishi katta yuklama ekanligini tushunamiz. Ammo „Veolia Energy Tashkent“ kompaniyasi hamma kabi tannarximizni tashkil etuvchi energiya narxiga bog‘liqligini inobatga olishingizni so‘raydi. Tariflarni oshirish majburiy qadamlardan biri”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, kompaniya iqtisodiy voqelik va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolish maqsadida imkon doirasidagi barcha choralarni amalga oshirayotganini qayd etgan.