O‘zbekistonlik yuk avtomobillari haydovchilari Latviyaga ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ish vaqti haftada 40 soatni, oylik maosh esa 1100 yevroni tashkil etadi.
Nomzodlar 18−55 yosh oralig‘ida, sohada kamida 1 yillik tajribaga ega bo‘lishi hamda rus yoki ingliz tilini muloqot darajasida bilishi kerak.
Bundan tashqari, fuqarolardan sudlanmaganlik hamda sog‘lom bo‘lish talab qilinadi.
Talablar qatorida quyidagilar ham bor:
- Yevropa mamlakatlarida belgilangan yuklarni tashish;
- Yuk tashish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirishni bilish;
- CE toifadagi guvohnomani 2009-yilgacha olgan bo‘lishi kerak.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xizmatlari, o‘qitish va ko‘niktirish, viza va aviachipta, Latviyadagi ovqatlanish hamda yashash xarajatlari fuqaro tomonidan qoplanadi.
Agentlik xizmatlari uchun to‘lov miqdori BHMning 10 baravarini — 3,4 mln so‘mni tashkil etadi. Latviyada ish boshlashdan oldin kasbiy tayyorgarlik amalga oshiriladi. Ish beruvchi tomonidan kurslar bepul yoki oylikdan ushlab qolish sharti bilan qoplanishi mumkin.
Belgilangan talablardan kelib chiqib bu yo‘nalish bo‘yicha xorijdaish.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar uchun haftaning har chorshanba kuni tanlov tashkil qilinadi.
Qiziqish bildiruvchilar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Batafsil ma’lumtolarni 71 202−33−55 (ichki raqam 17), 71 200−00−61 yoki 1282 qisqa raqamidan olish imkoni mavjud.
Avvalroq o‘zbekistonlik talabalar “Work and Travel” dasturi asosida Germaniyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.