Fransiyaning “Air France” aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Parijdagi “IFTM Top Resa” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida qo‘mita raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi delegatsiya “Air France” tijorat masalalari bo‘yicha direktori Frederik Dekors bilan uchrashdi. Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilishdi.
Fransiyadan O‘zbekistonga turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida aviakompaniya bilan aviaqatnovlarni tashkil qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, aviakompaniya platformalarida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish borasida hamkorlik o‘rnatishni o‘rganishga kelishildi.
Bundan tashqari, Umid Shadiyev Fransiya sayyohlik tashkilotlari jamoat assotsiatsiyasi bosh direktori Xerve Tilmont bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlaridan turistlarning O‘zbekistonga sayohatlarini rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mamlakatga sayyohlarni ko‘proq jalb qilishda birgalikda choralar ko‘rish, yangi tematik tur yo‘nalishlarini shakllantirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish uchun PR-kampaniya, “road-show” va taqdimotlar o‘tkazishga kelishildi.
“BBC Studios France” ijrochi prodyuseri Jak Tomas-Richard bilan o‘tgan uchrashuvda “Top Gear France” avtomobil shousining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sonini 2024-yil oxirigacha suratga olish bo‘yicha tegishli ishlar yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Sentabr oyi oxirgida Fransiya delegatsiyasining mamlakatga keladi.
Avvalroq “Silk Avia” Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.