Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri etib tayinlandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Kun tartibidagi asosiy masalalarga o‘tishdan oldin davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
Prezident kuni kecha imzolagan 2ta muhim hujjatga muvofiq, shu yilning o‘zida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 mln odamni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi boshlanmoqda.
Bandlik vazirligining hozirgi ish yuritishi bilan bu marralarga erishib bo‘lmasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlangani ma’lum qilindi.
Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi. Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tadi.
Davlat rahbari mamlakat oldida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ochilayotgan ulkan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi va Bekzod Musayev unga rahbar etib tayinlanadi.
Agentlikka fuqarolarning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi. Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlar taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi.
Botir Zohidov Erkinovich 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. U Shayxontohur tumani hokimi lavozimiga 2022-yilning sentabrida tayinlangan. Undan oldin esa Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimida Bekzod Musayev faoliyat yuritib kelayotgandi. U bu lavozimga 2022-yil oxirida tayinlangan.