O‘zbekistonda kasblarni xalqaro sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Behzod Musayev Turkiya Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Malakalarni rivojlantirish tashkiloti rahbari Mustafa Nejmi Ilhan bilan muloqot o‘tkazdi. Unda tomonlar O‘zbekiston — Turkiya malakalarni baholash markazini tashkil qilish masalasi muhokama qilindi.
Turkiya tomoni 4 kun davomida Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda Kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyatini o‘rgandi.
Shundan kelib chiqib, mamlakat o‘z tajribasi asosida O‘zbekistonda malakalarni baholash va kasb-hunarlarni sertifikatlash tizimini joriy etish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Malakani baholash qo‘lida kasb-hunari bor fuqarolar uchun shu yerning o‘zida Yevropa davlatlarida tan olingan xalqaro sertifikatni olish imkonini beradi. Xorijga tayyor mutaxassis sifatida ishga borishlarini ta’minlaydi.
Bugungi kunda Turkiyada 270ta kasbiy malakani baholash markazi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, 911ta malaka standarti joriy qilingan, 200dan ortiq kasblar majburiy sertifikatlanadi.
Avvalroq o‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi vizalarini berish yengillashtirilishi xabar berilgandi. Mamlakatning “Globogate Concept” hamda “Deutsche Bahn” kompaniyalari bilan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Bekzod Musayev joriy yilda O‘zbekistondan 800dan ortiq hamshiralar tashkiliy ravishda Germaniyaga yuborilishini, 400 nafari ketishganini ma’lum qildi.