Hukumatning birja savdolariga ITni joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini davom ettirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-noyabrdan boshlab quyidagi talablar bajarilgan taqdirda, tovar-xomashyo birjalari faoliyatini litsenziyalashga yo‘l qo‘yiladi:
- mulk huquqi asosida litsenziyalangan elektron birja savdolari tizimining mavjudligi;
- umumiy hisobda xotirasi kamida 100 TV bo‘lgan server uskunalari hamda alohida ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga ega bo‘lish;
- elektron birja savdolari tizimining uzluksiz hamda tashqi aralashuvlardan himoyalangan holda faoliyat ko‘rsatishi;
- har bir hududda yuqori tezlikdagi himoyalangan internet tarmog‘i orqali birja savdolarida ishtirok etish imkoniyatining yaratilgani;
- tegishli xizmat ko‘rsatuvchi bank axborot tizimi bilan integratsiyalashgan savdo operatsiyalari bo‘yicha mablag‘lar kirim va chiqimini inson omilisiz amalga oshiruvchi dasturiy ta’minotning mavjudligi.
Shuningdek, 1-noyabrdan tovar-xomashyo birjalari ustav kapitalining eng kam miqdori 100 mlrd so‘m, 2025-yilning 1-iyulidan esa 200 mlrd so‘m etib belgilanadi.
Bunda, ustav kapitali faqat mablag‘lar ko‘rinishida shakllantiriladi, amalda faoliyat ko‘rsatayotgan birjalar o‘z kapitalini tegishli ravishda shakllantirmasa, ularning litsenziyasi vakolatli organ yoki sud qaroriga asosan to‘xtatib turilishi mumkin.
2024-yil yakuni va kelgusida har yil yakuni bo‘yicha ularning moliyaviy faoliyati yuzasidan katta to‘rtlik (“Big four”) auditorlik tashkilotlaridan biri tomonidan mustaqil auditdan o‘tkazilishi kerak.
Bundan tashqari, qaror bilan O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi faoliyatini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Xususan, respublika birjasi savdolar shaffofligi hamda axborot xavfsizligini ta’minlashi, tashqi aralashuvlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Birja IT infratuzilmasini takomillashtirish, elektron savdo platformalarini doimiy ravishda modernizatsiya qilib boradi.
Shu bilan birga, birja xodimlari va a’zolarining malakasini oshirish, savdo ishtirokchilari orasida birja mexanizmlarini keng targ‘ib qilish, tovar derivativlari hamda qarama-qarshi auksion savdolarini amaliyotga joriy etish choralarini ko‘rish O‘zRTXBning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Bunda respublika birjasi yangi savdo instrumentlarini amaliyotga joriy qilishda ilg‘or xorijiy birjalar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, dasturiy ta’minot tizimlarini ishlab chiqish yoki xarid qilish, xalqaro ekspert hamda konsultantlarni jalb qilish, shuningdek, xalqaro hamjamiyatda Respublika birjasining ishonchli va barqaror imijini shakllantirish choralari ko‘riladi.
2024-yilning 1-noyabridan eksport-import operatsiyalari doirasida respublika birjasi orqali tuzilayotgan “forvard” bitimlar bo‘yicha mahsulot narxlarini yetkazib berish muddatidan kelib chiqib, xalqaro axborot agentliklarining indeks va respublika tovar-xomashyo birjalari kotirovkalari asosida shakllanadi.
Yuqori likvidli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari tomonidan mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishda mahsulot narxi mazkur tovar bo‘yicha amaldagi respublika birjasi o‘rtacha narxida past bo‘lmasligi kerak.
Shuningdek, hukumatning ayrim qarorlariga forvard birja bitimlari bo‘yicha kiritiladigan avans miqdorini kamaytirish, avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilari bo‘yicha auksion o‘tkazish tartibini takomillashtirish hamda tovar-xomashyo birjasi faoliyatini litsenziyalash pasportini yangi tahrirda tasdiqlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Avvalroq birjada sotilgan paxtaning har bir tonnasi uchun 1 mln so‘m miqdorida subsidiya berilishi ma’lum qilingandi. Bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘mni tashkil etadi.