“Kvarts” korxonasi $20 mlnga quyoshni qaytaruvchi oynalar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda yiliga 150 trln so‘mlik qurilishlar bo‘layapti. Bu mablag‘larning uchdan birini qurilish materiallari tashkil etadi.
Xarajatlarning qolgan qismi elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, kimyo, metallni qayta ishlash sanoatlari, qurilish texnikalari, qurish-pardozlash, loyihalash va dizayner xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi yetti yilda qariyb $100 mlrdlik qurilish ishlari bajarilib, bu borada katta tajriba orttirilgani ta’kidlandi. Lekin iqlim o‘zgarishi, energiya va tabiiy resurslar tobora tanqis bo‘layotgani, demografiya va ekologiya masalalari butun dunyoda qurilish industriyasida har kuni yangi yondashuv va yangi yechimlarni taqozo qilmoqda.
Masalan, hozirgi loyihalar faqat binoni o‘zini qurish bilan cheklanmasdan, avtoturargohi, yashil hududi, maktab-bog‘chasi, sport va xizmat obyektlari qanday bo‘ladi, degan savollarni ham kompleks qamrab olishi kerakligi qayd etildi.
Yig‘ilishgacha 400ga yaqin ishlab chiqaruvchi, quruvchi va loyiha tashkilotlarining fikri o‘rganildi. Ularning ko‘pchiligi sohadagi byurokratiya va ortiqcha xarajatlar, mahsulotlar tannarxi va sifatiga e’tiroz bildirgan.
Tadbirkorlar reytingi joriy qilingandan keyin, 11 mingta quruvchi va ishlab chiqaruvchi quyi o‘rindan yuqori va o‘rta o‘ringa ko‘tarildi. Ulardagi 90 mingta ish o‘rni “soya"dan chiqdi, o‘rtacha oylik 1,4 barobar oshdi. Lekin, sohada “yashirin iqtisodiyot” yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.
So‘nggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga $9 mlrd investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Ishlab chiqarish 2 karra o‘sdi, yillik aylanmasi 100 mlrd so‘mdan oshgan korxonalar 150tadan oshdi. So‘nggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar ko‘paydi.
Shu bilan birga, $650 mlnlik yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31%dan 25%ga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58taga yetdi, xorijda 20dan ortiq savdo omborlari, 50dan ziyod savdo do‘konlari ochildi.
Salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori bo‘lgan bu soha uchun ko‘rsatkichlar kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Qo‘shni mamlakatlarning o‘zi O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan $2 mlrdlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilayapti.
Mamlakatda haligacha lak-bo‘yoq, gulqog‘oz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan tovarlar import bo‘lmoqda.
Bazalt xomashyosi qayta ishlanib, qurilishda keng qo‘llanayotgani hisobiga yangi uy-joy va ijtimoiy obyektlarda energiya sarfi 20%gacha kamaygani ta’kidlandi.
Biroq qurilishda bazaltdan tashqari quyosh nurini qaytaruvchi oyna, fibro tolali panel, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishda talab yuqori bo‘lgan quyoshni qaytaruvchi indiy, alyuminiy yoki rux plyonkasi bilan qoplangan maxsus oynalar ishlab chiqarish haligacha yo‘lga qo‘yilmagan.
Bu borada Quvasoydagi “Kvarts” korxonasi $20 mln investitsiya kiritib, yillik 5 mln kvadrat metr bunday oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirmoqda.
Prezident bu loyihani ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq shaharsozlik qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.