Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident har bir viloyatda tashkil qilingan Shaharsozlik kengashlari faoliyati bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligini ta’kidladi.
Kengashga kiritilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish 6 oygacha cho‘zilmoqda. Loyihalar Shaharsozlik kengashiga kiritilishdan oldin tumandagi Sanepidnazorat va yong‘in xavfsizligi bilan kelishiladi. Vaholanki, ularning rahbarlari kengash tarkibida o‘tiribdi.
Kengashda rad qilingan loyihani qayta kiritish uchun “SES” va yong‘in xavfsizligi bilan boshqatdan kelishish majburiy. Oqibatda quruvchi va loyihachilar bunga 2 karra pul to‘lab, yana 2−3 oy yo‘qotayapti.
Endilikda Shaharsozlik kengashlari faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Bunda barcha loyihalar kengashga “Shaffof qurilish” platformasi orqali elektron kiritiladi.
Shuningdek, loyiha hujjatlari bo‘yicha “SES” va yong‘in xavfsizligi tuman bo‘limidan alohida xulosa olish bekor qilinadi.
Kengash a’zolari loyihani quyi tizimi bilan shu platformada elektron kelishadi, loyihani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu tartibni 1-dekabrdan Toshkent shahrida, kelgusi yilning 1-aprelidan qolgan viloyatlarda joriy qilish topshirildi.
Yig‘ilishda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va bunga pul tikkan aholi o‘rtasida nizolar ko‘payib borayotgani qayd etildi.
Bunday noinsof quruvchilarga aldanib, odamlar ham uysiz, ham pulsiz qolmoqda. Shu bois prezident topshirig‘iga asosan qurilish vaziri boshchiligidagi ishchi guruhi xorijiy tajribani o‘rgandi.
Endilikda uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi. Bunda developerlar o‘zlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi.
Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi.
Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilandi.
Avvalroq Qurilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Noqonuniy qurilishlarni aniqlashda inspeksiyaning texnik vositalar, jumladan, dronlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.