Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqidagi qonun ma’qullandi.
Mazkur konvensiya 1981-yilning 22-iyunida Jenevada qabul qilingan. U 75ta davlat, jumladan, MDHga a’zo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Hujjat mehnat faoliyati jarayonida va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni kuchaytirishga qaratilgan.
“Mazkur xalqaro hujjat barcha iqtisodiy faoliyat sohalarini o‘z ichiga olib, davlat xizmatida ishlovchilarga, yollangan ishchilarga, shuningdek, bevosita va bilvosita ish beruvchi nazorati ostida bo‘lgan ishchi xodimlarga tatbiq etiladi”, — dedi senator Ravshanbek Olimov.
Senator mehnat xavfsizligi gigiyenasi va ishlab chiqarish muhiti talablari mamlakat qonunchiligi hujjatlarida belgilanganini qayd etdi.
Masalan, Mehnat kodeksining 352-moddasida barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beruvchi mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratish ish beruvchining majburiyatiga kiradi.
Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilik hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni yaxshilashga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Joriy yilning fevral oyida Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qiluvchi qonun ma’qullangandi. Undan keyin, mart oyida prezident tomonidan mazkur qonun qabul qilindi.
Avvalroq prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Xalqaro mehnat tashkilotining to‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidag Konvensiyasi ratifikatsiya qilingandi.