Litva korxonalari O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat elchixonasi ko‘magida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan Litvaning “World Halal Trust” hamda “FA Solutions” kompaniyalari rahbariyati o‘rtasida muzokaralar tashkil etildi. Uchrashuvda Litva kompaniyalariga fuqarolarni qonuniy tarzda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida tomonlar 200 nafar o‘zbekistonlikni Litva korxonalariga ishga qabul qilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashdi.
Unga ko‘ra, fuqarolar go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash va qayta ishlash korxonalarida ish bilan ta’minlanadi.
Xususan, 50 kishidan iborat birinchi guruhni joriy yilning noyabr oyida “Vilnyus” shahriga jo‘natish rejalashtirilmoqda.
“World Halal Trust” — Litva, Gretsiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Belarus, Rossiya, Turkiya va Xitoyda joylashgan halol sertifikatlash sohasida ko‘p yillik tajribaga ega kompaniya hisoblanadi.
Kompaniyaning asosiy faoliyati go‘sht, sut, gigiyena va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni sertifikatlashdan iborat. Korxona yirik fermer xo‘jaliklari, qoramol va parranda go‘shtini qayta ishlash quvvatlariga ega.
O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi vizalarini berishni yengillashtirish rejalashtirilmoqda. Mamlakatning “Globogate Concept” hamda “Deutsche Bahn” kompaniyalari bilan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Turkiya ishtirokida esa O‘zbekistonda kasblarni xalqaro sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. Bu fuqarolar uchun mamlakatning o‘zida Yevropada tan olingan xalqaro sertifikatni olish imkonini beradi.
Avvalroq fuqarolar Xorvatiya ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar 18−50 yosh oralig‘ida hamda bir yillik tajribaga ega bo‘lishlari kerak.