23-sentabrdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabulining ikkinchi bosqichi boshlandi.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn jo‘natish mumkin.
Portal matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda portal faoliyatida uzilishlar va vaqtinchalik kechikishlar kuzatilmoqda.
Bu ipoteka subsidiyasi uchun ariza topshirishda ko‘plab murojaatlar tufayli tizimga yuklamalar ortishi hisobidan bo‘lmoqda.
Shuningdek, tizim ishini barqarorlashtirish ustida ish olib borilayotgani qayd etilgan.
Navbatdagi bosqichda ijtimoiy mezonlarga muvofiq, subsidiya olish uchun fuqarolarga yanada kengroq imkoniyat yaratish maqsadida ularning daromadlarini inobatga olish tartibiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.
Ariza beruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromad miqdori quyidagicha bo‘lishi zarur:
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (2,83 mln — 8,4 mln so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha (2,83 mln so‘m — 9,66 mln so‘m).
Ariza qanday jo‘natiladi?
Onlayn ariza topshirishda portalga kirgach, qidiruv tizimiga “ipoteka krediti” kalit so‘zlarini kiritish zarur. Undan so‘ng kerakli sahifa paydo bo‘ladi hamda “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali jarayon boshlanadi.
Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi va arizachi haqidagi ma’lumotlar portalda avtomatik ravishda shakllanadi.
Birinchi qadamda ariza yuboruvchi tanlanadi. Agar nomzod o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, “arizachining o‘zi” toifasini tanlashi kerak.
“Spot” subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.
Arizalar 19 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Agar u tasdiqlansa, Iqtisodiyot va moliya vazirligi to‘rt oy davomida amal qiladigan sertifikat (xabarnoma) taqdim etadi. Undan o‘z vaqtida foydalana olmaganlar esa subsidiya olish uchun qayta ariza topshirishlari mumkin. Lekin joriy yil uchun bu oxirgi arizalar qabuli hisoblanadi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Subsidiya nima beradi?
Subsidiya uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismi budjetdan qoplanishini nazarda tutadi.
Joriy yilda mamlakat bo‘yicha jami 27 mingta subsidiya ajratilishi belgilangan. Shundan 20 mingtasi yangi uy-joy sotib olish, 7 mingtasi esa uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Hujjatlar 15-maydan 1-noyabrgacha qabul qilinadi.
Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga qat’iy belgilangan 30 mln so‘m ajratiladi.
Kreditlarning 12%dan oshgan qismiga foiz to‘lovlari 5 yil davomida qoplab beriladi. 2025-yildan esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori foizlarning bir qismi subsidiyalanadi.