Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun 50 ming gektar yer ajratish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Bu borada mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida ham so‘z borgandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hokimliklarga yana qo‘shimcha 50 ming gektar yer topish, ular negizida 200 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish topshirildi.
So‘x, Baxmal, Pop, Ohangaron tumanlarida sanoatlashgan “in-vitro” bog‘lar yaratish tajribasini butun mamlakatga yoyish zarurligi qayd etildi.
Bunda, “ipoteka bog‘lari” yaratilib, hosilga kirganidan keyin odamlarga 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi. Bog‘ yaratmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlarga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beradigan tizim bo‘ladi.
Mazkur tizimni yo‘lga qo‘yib, shu yilni o‘zida 14 ming, kelgusi yil 29 ming gektarda mana shunday bog‘ va tokzorlar tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Kambag‘al oilalarga beriladigan yerlarda “kompaniya — kooperativ — dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etilishi belgilangan. Yerdan quyidagicha, uch xil daromad olinadigan yangi tizim yaratiladi:
- qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambag‘al oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi;
- yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular o‘rtasida taqsimlanadi;
- har ikki holatda ham ushbu aholi yerda o‘zi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.
Bunda kambag‘al oila o‘ziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad ko‘radi.
Avvalroq O‘zbekistonda uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Bunda loyihalarning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi, yerni tayyorlashdan bog‘ hosilga kirgungacha parvarishlash uchun imtiyozli kreditlar beriladi.