Qarshi tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda aniqlanishicha, Qarshi tumanida faoliyat yurituvchi “K.A.” xususiy korxonasi rahbari va boshqalar korxonaning avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichni yechib olgan.
Buning natijasida jami 361,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Andijonda 286,3 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqaro avtomobillarni yuvish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olgani aniqlandi.