Germaniyaning “Volkswagen” avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘rta muddatda 30 ming nafargacha ishchilarini qisqartirmoqchi, deya xabar berdi “RIA Novosti” “Manager-Magazin” nashriga tayanob.
“Kompaniyadagi qat’iy tarafdorlarning fikriga ko‘ra, Germaniyada hozirda taxminan 130 ming kishilik xodimlar soni o‘rta muddatda 30 ming kishiga qisqartirilishi kerak”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, kompaniya o‘rta muddatli istiqbolda investitsiyalarni taxminan 20 mlrd yevroga kamaytirishni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan.
Konsern rahbari Oliver Blumening ta’kidlashicha, “Volkswagen” raqobatchilarning Yevropaga joylashish istagi va Germaniyaning raqobatbardoshligining pasayishi tufayli tejamkorlik yo‘liga o‘tmoqda.
Kompaniya ishdan bo‘shatish va Germaniyadagi ishlab chiqarish korxonalari yopilishini istisno etmadi. “Bild” gazetasining yozishicha, qisqartirishlar 2025-yilning 1-iyulidan boshlanishi mumkin.
“Volkswagen” avtomobil ishlab chiqaruvchisi xarajatlarni kamaytirish yo‘llarini izlab, Germaniyadagi zavodlarini yopish haqida o‘ylayotgani haqida xabar berilgandi.
Bundan tashqari, kompaniya kasaba uyushmalari bilan 2029-yilgacha ish o‘rinlarini saqlab qolish majburiyatini olgan shartnomani qanday bekor qilishni ko‘rib chiqmoqda.
“Iqtisodiy muhit tobora tajovuzkor bo‘lib bormoqda, Yevropaga yangi o‘yinchilar kirib kelmoqda. Germaniya biznesning joylashuvi sifatida raqobatbardoshligidan orqada qolishda davom etmoqda”, — deya “Volkswagen” bosh direktori Oliver Blume so‘zlarini keltiradi agentlik.
87 yillik tarixda “Volkswagen” hech qachon o‘z mamlakatida ishlab chiqarishni yopmagan.
Agar bu hozir sodir bo‘lsa, bu Olaf Scholz hukumatiga navbatdagi zarba bo‘ladi va kasaba uyushmalari bilan haqiqiy urushni keltirib chiqaradi, deb ta’kidlaydi “Bloomberg”.
Kamida bitta avtomobil yig‘ish va bitta avtokomponent ishlab chiqarish korxonasi xavf ostida. Hozirda “Volkswagen” butun dunyo bo‘ylab 650 ming ishchiga ega, ulardan 300 ming nafari Germaniyada.
Kompaniyaning joriy operatsion marjasi 2,3%ni tashkil qiladi, 2026-yilga mo‘ljallangan maqsad 6,5%.
O‘tgan yili “Volkswagen” 322 mlrd yevro daromad va 22,6 mlrd yevro soliqdan oldingi foyda bilan 9,4 mln dona avtomobil ishlab chiqardi.
Avvalroq “Spot” “Volkswagen” 84 mingdan ortiq avtomobillarini qaytarib olishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, avtomobillar dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammolar sabab qaytarib olinmoqda.