O‘zbekistonliklar Xorvatiya ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ish haqi oyiga 1000 yevrodan boshlanadi. Ish turi — qolipchi, armaturachi, parket yotqizuvchi, shtukaturkachi, kranchi, ekskavatorchi.
Nomzodlar 18−50 yosh oralig‘ida, soha bo‘yicha kamida 1 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi (tasdiqlovchi hujjat bilan), rus yoki ingliz tillarini bilishi kerak.
Shuningdek, sudlanmagan, xorijga chiqish taqiqlanmagan, jismonan va ruhan sog‘lom hamda zararli odatlardan holi bo‘lish talab qilinadi.
Yotoqxona va transport xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanadi. Fuqaro hisobidan viza to‘lovi, aviachipta hamd agentlik to‘lovlari qoplanishi kerak.
Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni 71 202 33 55, 71 200 00 61 yoki 1282 qisqa raqamlaridan olish imkoniyati mavjud.
Fuqarolar safar xarajatlarini qoplash uchun quyidagi tartibda kompensatsiya olishlari mumkin:
- xorijiy til yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirib, sertifikat olganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda (1 mln 20 ming so‘m);
- “ishchi viza"ni rasmiylashtirish uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1,7 mln so‘m);
- chipta xarid qilishga — BHMning 2 baravarigacha miqdorda (680 ming so‘m).
Avvalroq fuqarolar Slovakiya, Vengriya, Xorvatiya hamda Rossiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Jami 9,5 mingdan ortiq ish o‘rni mavjud bo‘lib, ish haqi sohalarga qarab $900dan $2,5 minggachani tashkil etadi.