Tadbirkor ayollar akademiyasi (AWE) dasturining ikkinchi oqimiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Amerika elchixonasi hamda “Tech4Impact” tashkiloti tomonidan tashkil etilayotgan dastur xotin-qizlar uchun biznesni yo‘lga qo‘yishda bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan.
Unda 25−40 yoshdagi Farg‘ona vodiysida istiqomat qiluvchi kichik biznesga ega xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.
Nomzodlar ingliz yoki rus tilini mukammal darajada bilishlari (trening materiallari ingliz va rus tillarida mavjud), kamida 1−2 yildan buyon faoliyat yuritayotgan biznesga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, xotin-qizlardan noutbukdan foydalanish imkoniyati bo‘lishi talab qilinadi. Nomzodlar dasturda qatnashish uchun kuchli motivatsiyaga ega ekanliklarini arizada yozma ravishda ifoda etishlari zarur.
Dastur 2024-yilning noyabridan 2025-yilning martigacha Andijon, Farg‘ona va Namanganda bo‘lib o‘tadi. Unga O‘zbekistondagi yetakchi mahalliy biznes rahbarlari jalb qilinadi.
Tanlangan ishtirokchilar onlayn biznes trening kursida, dasturning barcha oflayn sessiyalarida qatnashishadi. Ularga biznesni boshqarish bo‘yicha jahon miqyosidagi onlayn treninglarda ishtirok etish imkoniyati, mahalliy biznes rahbarlari bilan maslahat seanslari, mahalliy tadbirkorlar bilan aloqa o‘rnatish imkoni beriladi.
Arizalar joriy yilning 20-oktabrigacha havola orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
Ishtirokchilarga dasturni tugatganlaridan so‘ng sertifikat beriladi hamda AQSh bitiruvchilari almashinuvi tarmog‘iga a’zo bo‘lishadi.
Avvalroq ijodiy startaplar tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda san’at, dizayn, o‘yin va interaktiv media hamda shaharsozlik kabi sohalardagi loyihalar ishtirok etishi mumkin.