23-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
O‘tgan yili hokimlarga xususiy sektorni jalb qilib, “master reja” ishlab chiqishga ruxsat berildi. Bundan maqsad — kichik hududlarni belgilab, uy-joy qurish, turizm, savdo va servisni rivojlantirsa bo‘ladigan joylarga tadbirkorlarni jalb qilish edi.
Bu borada Buxoro, Navoiy viloyatlaridagi 85ta hududning “master rejasi"ni ishlab chiqish boshlangan. Lekin, qolgan viloyatlar masalani ichiga kirmagani tanqid qilinib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha kamida 10tadan hududining “master reja"sini ishlab chiqish topshirildi.
Bundan tashqari, 106ta tuman-shaharda 136ta “master reja” qilish bo‘yicha topshiriq berilgan bo‘lib, hozirgacha shundan 21tasi ishlab chiqilgani, Andijon va Xorazmda esa birorta “master reja” tayyormasligi ko‘rsatib o‘tildi. Qoloqliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimliklariga vazifa qo‘yildi.
O‘tgan yili 1 600ta obyekt qurilishi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan boshlangan bo‘lsa, yil boshidan bu 2 200taga yetgan. Qurilish obyektlari toifasiga qarab oyiga kamida 2−4 marta nazoratdan o‘tkazilishi zarurligiga qaramay, 8 oy ichida 1 150ta obyektga inspektor bir marta borgan.
Oqibatda joylarda pala-partish qurilish ko‘payib, aholi e’tiroziga sabab bo‘layapti. Qurilish vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, Bosh prokuraturaga qurilishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Qurilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalarida quruvchi-operatorlar shtabi tashkil qilinishi belgilandi. Nazorat inspektorlari bodikamera bilan ta’minlanadi.
Davlat hisobidan qurilayotgan har bir obyektga toifasiga qarab kamida 2tadan videokamera o‘rnatiladi. Ular operatorlar shtabiga ma’lumotlarni onlayn yuboradi. Shuningdek, noqonuniy qurilishlar bo‘yicha mahalla raislari va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Endilikda har bir qurilayotgan obyekt oldida QR-kodli pasporti chiqarib qo‘yiladi. Bu orqali istalgan odam hududda qanday obyekt qurilayotgani, qachon ruxsat olingani, kim qurishi, qachon ishga tushishi kabi ma’lumotlar olishi mumkin bo‘ladi. Agar QR-kodli pasport bo‘lmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda davlat obyektlarini loyihalash va qurishda haligacha “resurs” usulidan foydalanilayotgani qayd etildi.
Kelasi yildan qurilishda “resurs” usulidan voz kechib, “hajm” usuliga o‘tish rejalashtirilgan. Lekin bu tizimni ishlatish tartibi haligacha tasdiqlangani yo‘q. Vazirlar Mahkamasiga bu jarayonni tezlashtirish topshirildi.
Mutasaddilarga o‘quv kurslarini tashkil qilib, loyihachi, pudratchi va nazoratchilarni yangi tizimda ishlashga o‘qitish, kelgusi yil investitsiya dasturiga kiradigan 1 300dan ziyod obyekt “hajm” usulida qurilishini ta’minlash topshirildi.
Avvalroq O‘zbekistonda uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinishi xabar berilgandi. Endi uy-joy olmoqchi bo‘lgan fuqarolar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi.