Qurilish sohasidagi ishchilar malakasini baholash tizimini joriy qilish belgilanmoqda. Bu haqda 23-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unda so‘nggi yillarda mamlakatda qurilish hajmi yiliga o‘rtacha 7−8% o‘sgani bilan haligacha eski norma, standart va yondashuvlar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sohaga yuqori texnologiya, ilm va innovatsiyani joriy qilish ishlari talabga javob bermasligi qayd etildi.
Masalan, shaharsozlik normalari va qoidalarining 38tasi ro‘yxatdan o‘tmagan, yana 13tasi yangilanmagan. Quruvchilar yangi obyekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflayotgani tannarxga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolmaslik uchun SHNQlarni muntazam yangilash kerakligi aytildi.
Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38ta SHNQni ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, kelasi yilning 1-martiga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13ta SHNQni ishlab chiqish topshirildi.
Yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinishi belgilandi.
Qurilish korxonalarida 300 mingga yaqin odam mehnat qiladi. Ularning malakasini oshirish, o‘qitish masalasi dolzarb hisoblanadi. Shu sabab, ishchilar malakasini baholaydigan tizim joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.
Bunda ishchi-kasblarga malaka darajasi va ish o‘rinlariga aniq talablar belgilanadi, bu darajani olish uchun ishchilar profta’lim muassasalarida o‘qitiladi.
Ishni mustaqil yoki shogird sifatida o‘rganganlarga sertifikat olish uchun malaka imtihonidan o‘tishi yetarli bo‘ladi. Sertifikati bor ishchilari soniga qarab, reyting tizimida pudratchilarga 15 ballgacha qo‘shimcha ball beriladi. Xuddi shu tizim loyiha tashkilotlari uchun ham joriy qilinadi.
Davlat rahbari joylarda noruda konlardan noqonuniy yoki samarasiz foydalanish holatlari ko‘payib borayotganini qayd etdi. O‘tgan yili 6 mln kub metr noqonuniy qazilma aniqlanib, ulardan 17 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq undirilgan.
Marksheyder mutaxassislar yetarli bo‘lmagani uchun yer qa’ridan foydalanuvchilarning atigi 36%i monitoring qilinmoqda. Nazoratni kuchaytirish maqsadida noruda qazilmasidan tushumning 3%i Soliq qo‘mitasi jamg‘apmasiga yo‘naltiriladi.
Qo‘mitaga buning hisobiga har bir hududda kamida 2ta marksheyderni jalb qilish, videokuzatuv va o‘lchash uskunalarini o‘rnatib, ta’sirchan nazoratni ta’minlash topshirildi.
Prezident qurilish materiallari tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Mutasaddilarga aytilgan fikr va tashabbuslarni puxta o‘rganib, tegishli takliflarni kiritish topshirildi.
Avvalroq qurilayotgan barcha obyektlar uchun QR-kodli pasport joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Prezident mutasaddilarga qurilishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirishni topshirdi.