Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasi O‘zbekistonda pullik yo‘llar tarmog‘ini yaratish loyihalarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 20-sentabr kuni vazirlik hamda Turkiya kompaniyasining Moldova va Ruminiya davlatlaridagi loyihalar bo‘yicha direktori Bulent Tatar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kompaniya qurilish va muhandislik sohalaridagi faoliyati, ko‘prik, tonnel, to‘g‘on, aeroport, tramvay va temir yo‘llar qurilishi, shahar infratuzilmasi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish tajribasi xususida ma’lumot berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik sohasida hamkorlik rivojlanib borayotgani, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Qayd etilgan yo‘nalishlardagi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, DXSh asosida 4R12 “Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘ qo‘rg‘oni” avtomobil yo‘lining 6−77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pullik yo‘lga o‘tkazish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Loyiha joriy yilning 18-sentabr kuni “Onur Group” kompaniyasi ekspertlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olishga kelishishdi.
Qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish jarayonini joriy yilning dekabridan boshlash rejalashtirilmoqda. Toshkent-Andijon yo‘li esa 2026-yilda boshlanadi.
Bundan tashqari, 2027−2030-yillarda Samarqand va Buxoro o‘rtasida pullik avtomobil yo‘lini qurish belgilangan. Loyiha qiymati $1 mlrdni tashkil etadi.