Prezidentning 23-sentabrdagi qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Shu bilan birga, 2024−2025 yillarda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlar va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Hujjat bilan, eng og‘ir ahvoldagi 1000ta mahalla tanlanib, ro‘yxati shakllantirilishi, ularning infratuzilmasini yaxshilash dasturi 1-noyabrgacha tasdiqlanishi kerak.
1-dekabrgacha tadbirkorlik faoliyati hamda aholining barcha qatlamlariga yashash va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2024−2025 yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish, ularda kamida bittadan mahallada “yashil mahalla” loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi dasturlar tasdiqlanadi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Biznesga birinchi qadam” dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali joriy yil yakunigacha 4 trln so‘m, 2025-yilda 15 trln so‘m kreditlar ajratilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, 2025-yildan kambag‘al oilalar farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyoz asosida qabul qilinadi. 2025/2026 o‘quv yilidan farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari qoplab beriladi.
2025-yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi. “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” biriktirilgan rahbarlarning xulosasi asosida kambag‘al oilalarga noutbuk sotib olish uchun 5 yil muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, “fud-trak, motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olishga garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi. Mablag‘lar 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi.
Avvalroq 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 mln nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangandi.