Avvalroq prezident qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Jamoat ishlari jamg‘armasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi negizida Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
2025-yil uchun uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladigan subsidiyalar sonini 1,2 baravarga oshirish nazarda tutiladi.
2024−2025 yillarda tajriba tariqasida og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida joylardagi tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.
Kelasi yilning 1-aprelidan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan to‘liq bo‘lmagan, mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan, ikki va undan ortiq nogiron a’zolari mavjud oilalardagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qarab turish xizmati ko‘rsatiladi.
Bu Samarqand va Toshkent shaharlarida eksperiment tarzida yo‘lga qo‘yilib, autsorsing hamda kunduzgi qatnov asosida tashkillashtiriladi.
Ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish maqsadida mahallalarda oila shaklidagi kichik hajmli bolalar uylari tashkil etiladi.
YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning kunduzgi parvarish xizmatlarini hamda yuridik shaxslarga nogironligi bo‘lgan bolalar, shu jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
O‘zbekistonda kambag‘al oilalar reyestri yuritiladi. 2025-yildan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam berishning talablari o‘zgartiriladi.
Prokuratura kambag‘allikni qisqartirishda qonunchilik ijrosini nazorat qiladi. Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarda mas’ul xodimlardan iborat shtatlar tashkil etiladi.
Avvalroq Shayxontohur tumani hokimi Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri etib tayinlangandi. Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tadi.