23-sentabr kuni “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 mln nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.
Kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va to‘plangan milliy tajriba hamda xalqaro amaliyot asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi hamda bu bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.
Dastur har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan. U 2024-yilning 1-noyabridan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:
- barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;
- ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish;
- kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;
- ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;
- yashash sharoitlarini yaxshilash;
- davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;
- davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish.
1-dekabrdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Reyestr “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish orqali tuziladi.
2025-yildan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashsa, o‘zini o‘zi band qilsa yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ysa, bu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagungacha, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1% stavkada to‘lanadi.
Kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari quyidagi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi:
- ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash;
- o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish);
- oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi;
- uy-joyini ozoda tutishi kabilar.
11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish tizimini yaxshilashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda Bosh prokurorga kambag‘al oilalarni o‘rganish uchun alohida o‘rinbosar tayinlanishi qayd etilgandi. Prokuratura kambag‘allikni qisqartirishda qonunchilik ijrosini nazorat qiladi.
Mamlakatda kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11%dan 7%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Tizimda kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmasligi aytilgandi.