AQShning “RFA” kompaniyasi O‘zbekistonda IT-markazini ochmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov bilan “RFA” kompaniyasi bosh direktori Yoxan Kim boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya faoliyati uchun eng qulay sharoitlarni yaratishda taqdim etiladigan imkoniyatlar va qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Kompaniya O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirda “IT Park” rezidenti maqomini olishga tayyorlanmoqda.
Shuningdek, “RTA” Chirchiq shahrida “Zero Risk” dasturidan foydalanishga qiziqish bildirdi. Kompaniya mamlakatda raqamli xizmatlarini xorijga eksport qilish uchun mahalliy iste’dodli xodimlarni ishga olishni rejalashtirmoqda.
Yoxan Kim O‘zbekiston IT-loyihalarni autsorsing qilish maqsadida yangi operatsion ofis yaratish uchun ideal joy hisoblanishini ta’kidladi.
Kompaniya yangi markaz orqali mintaqaviy bozorga strategik kirish va IT-xizmatlar eksporti ko‘lamini kengaytirishni belgilamoqda.
Kompaniya haqida
“RFA” 800dan ortiq xej-fondlar, xususiy kapital kompaniyalari, aktivlarni boshqarish bo‘yicha kompaniyalar va investitsiya menejerlari uchun texnologik yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan.
Taklif etilayotgan xizmatlar orasida bulutli yechimlar, IT-xizmatlarni boshqarish, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar bilan ishlash, ilova xizmatlari va boshqariladigan aniqlash va javob berish tizimi mavjud.
Kompaniya bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab, jumladan, Buyuk Britaniya, Luksemburg, Ispaniya, Fransiya, Hindiston, Singapur, Filippin va Yaponiyada 15ta ofisga ega va unda 300 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi.
Avvalroq “IT Park” va “Astana Hub” Markaziy Osiyo innovatsiya xabini yaratishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar yangi brend ostida Markaziy Osiyoda startap ekotizimini rivojlantirish va loyihalarni xalqaro maydonga olib chiqishni maqsad qilgan.