Sankt-Peterburgda shahar parlamenti deputati chet el fuqarolariga jamoat transportida haydovchi sifatida ishlashni taqiqlashni taklif qildi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu tashabbus yangi emas, shunga o‘xshash taqiq Rossiyaning bir qator mintaqalarida allaqachon amal qiladi.
Sankt-Peterburg Qonunchilik palatasining “Yagona Rossiya” fraksiyasi deputati Andrey Ryabokon shahar vitse-gubernatori Kirill Polyakovga chet el fuqarolarining jamoat transportida haydovchi sifatida ishlashini taqiqlash talabi bilan murojaat qildi.
Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, shahar aholisidan migrant haydovchilar ustidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda.
“Fuqarolar xavfli haydash, rus tilini yaxshi bilmaslik, qo‘pollik va yo‘lovchilarning huquqlarini buzadigan boshqa harakatlarga ishora qilmoqdalar”, deyiladi rasmiy maktubda.
Ryabokon yangi chora “yo‘lovchi tashish xavfsizligini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga” ishonadi.
“Bunday haydovchilarning telefon orqali muloqot qilish va bir vaqtning o‘zida jamoat transportida harakatlanishini tez-tez uchratamiz. Ular yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Bu sohada malakali kadrlar ishlashi kerak”, deb izoh berdi deputat.
Leningrad viloyatida esa 2024-yil oxirigacha migrantlarga taksi sohasida ishlash taqiqlandi. Tegishli qarorni viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko imzoladi.
Taqiq O‘zbekiston, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon fuqarolariga tegishli. Ilgari shunga o‘xshash cheklovlar Rossiyaning 18ta hududida joriy etilgan.
Ular orasida Kaliningrad, Samara, Novosibirsk, Tula, Novgorod, Kaluga, Chelyabinsk va boshqa viloyatlar, shuningdek Kamchatka va Krasnoyarsk o‘lkalari, Qrim va Yakutiya bor.
Avvalroq “Spot” 2025-yildan boshlab Moskva viloyatida migrantlarning bir qator sohalarda ishlashi cheklanishi haqida yozgandi.
Xususan, migrantlarga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish, ijtimoiy xizmatlar, sport, madaniyat, dam olish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida, shuningdek, ko‘chadagi oziq-ovqat korxonalarida ishlash taqiqlanadi.
Shuningdek, Rossiyada mehnat muhojirlariga qaytish chiptasi pulini oldindan to‘lash talab qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Bu ular mehnat patenti yoki shartnomasi muddati tugaganligi sababli qaytarilgan taqdirda, shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar uchun Rossiyadan chiqarilganda talab qilinadigan aviachipta narxi hisoblanadi.