“Silk Avia” aviakompaniyasi joriy yilning oktabr oyida O‘zbekiston bo‘ylab uchta yangi yo‘nalishda parvozlarni boshlaydi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 8-oktabrdan Farg‘ona-Samarqand-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Parvozlar haftada bir marta — seshanba kunlari quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:
- Farg‘onadan uchish — 13:00, Samarqandga kelish — 14:40;
- Samarqanddan jo‘nash — 15:20, Farg‘onaga yetib kelish — 16:40.
Shu bilan birga, kompaniya 8-oktabrdan Qo‘qon-Buxoro-Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar har seshanba kuni quyidagi jadvalga asosan amalga oshiriladi:
- Qo‘qondan jo‘nab ketish — 11:40, Buxoroga kelish — 13:30;
- Buxorodan jo‘nash — 14:10, Qo‘qonga yetib kelish — 15:50.
11-oktabrdan Qo‘qon-Termiz-Qo‘qon yo‘nalishida parvozlar boshlanadi. Aviaqatnov haftaning juma kunlari quyidagi jadvalga muvofiq amalga oshiriladi:
- Qo‘qondan uchish — 11:40, Termizga kelish — 13:40;
- Termizdan jo‘nash — 14:20, Qo‘qonga kelish — 16:05.
Bunda Farg‘onadan Samarqandga bir tomonlama chipta narxi 312 563 so‘mdan, Qo‘qondan Buxoroga — 326 771 so‘mdan hamda Qo‘qondan Termizga 355 185 so‘mdan boshlanadi.
Aviakompaniya Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Aviaqatnov haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari L-410 havo kemasida amalga oshiriladi.
Avvalroq “Qanot Sharq” noyabr oyidan Toshkent-Tel-Aviv yo‘nalishida aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.