Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Ugam River” turistik markazini qurish loyihasi boshlandi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita raisi Umid Shadiyev tumanga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar taqdimotlari bilan tanishdi.
Majmua “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi direksiyasi" tomonidan amalga oshirilib, uning doirasida 13,7 gektar yer maydonida 18ta blokda ko‘p qavatli binolar, 830ta bir, ikki va uch xonali apartamentlar qurilmoqda.
Bundan tashqari, bu yerda 100 o‘rinli bolalar bog‘chasi, savdo majmualari, shale, restoran, fitnes klubi, avtoturargoh hamda dam olish maskanlari kabilarni qurish rejalashtirilgan.
Majmuaning birinchi bosqichi allaqachon E-auksion orqali sotuvga qo‘yilgan. Xaridorlarga 51ta lot taklif etiladi. Yil yakunigacha majmuadagi ishlarni yakunlash reja qilingan.
Bir xonali kvartiralar narxi 640 mln so‘mdan, ikki xonali kvartiralar 832 mln so‘mdan, uch xonalilar esa 969,4 mln so‘mdan boshlanadi. Hozirda eng qimmat xonadonlar 1,024 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Majmuadagi elektr energiyasi yangi qurilayotgan GES orqali ta’minlanadi va isitish tizimi avtonom shaklda suyultirilgan gaz tizimida ishlaydi.
Bundan tashqari, “Chinorkent” osma dor yo‘li yonida 31,5 ming kv/metr maydonda 2ta mehmonxona va savdo do‘konlari majmuasini qurish rejalashtirilmoqda. Chorvoq suv ombori bo‘yida umumiy qurilish maydoni 24,5 gektarni tashkil etadigan “Chorvoq darvozasi” loyihasi ham amalga oshiriladi.
Avvalroq Misr kompaniyasi Samarqanddagi tog‘ oldi hududlarida sayyohlik majmuasini qurishi haqida xabar berilgandi. Loyiha qiymati $100 mlnni tashkil etib, uni uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.