Din ishlari bo‘yicha qo‘mita “Umra” tadbirlarini tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlar bo‘yicha reklamalar faollashgani, asosan, tegishli litsenziya va ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan tur kompaniyalar mazkur xizmatlarni reklama qilayotganligi kuzatilmoqda. Ayniqsa, joriy yilning oktabr-dekabr oylarida “Umra"ga yuborish bo‘yicha xizmatlar keng reklama qilinmoqda.
Joriy yilning iyul oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilangandi. Qonun joriy yilning 5-oktabridan kuchga kiradi.
Unga muvofiq litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar tomonidan “Umra” xizmatlarni ko‘rsatish mazkur sanagacha amalga oshiriladi. Undan keyin esa bu bo‘yicha barcha turdagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning “Spot"ga izoh berishicha, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, unda turoperatorlarga qo‘yiladigan yangi talablar belgilanadi.
Yuqoridagi qonun bilan qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ hisoblanadi. Bu boradagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdori BHMning 200 baravari (68 mln so‘m) etib belgilangan.
Shu bilan birga, mazkur faoliyatni litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 10 baravarini (3,4 mln so‘m) tashkil etadi.
Qo‘mita fuqarolarni “Umra” amallarini xavfsiz bajarishlari, keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatga tushib qolmasliklari uchun ishonchli va kafolatlangan turoperatorlar xizmatidan foydalanishga chaqirdi.
Bundan oldin Raqobat qo‘mitasi ham aholini “Umra” tadbirlari reklamasidan ogoh bo‘lishga chaqirgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Umra — 2024"ning navbatdagi mavsumi 10-sentabrdan boshlandi.
O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish
2023-yilning avgustida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, mazkur xizmatlar faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi “Umra” tadbirlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan litsenziyaga ega turoperatorlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Joriy yilning mart oyida “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun alohida litsenziya joriy etilishi ma’lum qilindi. Iyul oyida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, u litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.