Avvalroq 25-sentabr kuni Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.
Unda kelgusi yillarda mamlakatda 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda $5 mlrdlik elektr tarmoqlarini ishga tushirish belgilangani, bu orqali yirik “yashil” ma’lumotlar markazlari yaratilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga $100 mlnlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanadi, prezident bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishiga ishonch bildirdi.
“Qo‘shni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga „yashil“ energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmog‘ini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlamoqchiman”, — dedi davlat rahbari.
Prezident Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qildi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo yirik infratuzilma loyihalariga talab ortib borayotgani, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari o‘tkir tus olayotgani ta’kidlandi.
“O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25%ga oshirish orqali 15 mlrd kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan. Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi”, — dedi prezident.
Davlat rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Qo‘shni mamlakatlar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi aytildi.
O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda bank hissasini yuqori baholashi, mamlakatda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida $3 mlrdlik 15ta loyiha amalga oshirilayotgani qayd etildi.
“Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bular hisobidan O‘zbekiston bankning top-10ta hamkoridan biriga aylandi. Masalan, bank bilan Buxorodagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha $720 mlnlik loyiha qariyb 1,5 mln aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Yoki “Buxoro-Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish Xivaga yiliga qo‘shimcha 1 mln turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, davlat rahbari bank bilan $4 mlrdlik yangilangan dasturni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
Avvalroq Prezident Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini bayon qilgandi.