Bobir Abubakirov Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan oldin u Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Xususan, regulyatorning Xalqaro hamkorlik, Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi hamda Xalqaro zahiralarni boshqarish departamentlariga rahbarlik qilgan.
Bundan tashqari, Bobir Abubakirov Qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash xizmati, Moliya-iqtisod departamenti, Amaliyot departamenti faoliyatiga ham rahbarlikni amalga oshirgan.
Abubakirov Bobir Yuldashovich 1983-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy.
2004-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar, 2015-yilda Yaponiya xalqaro universitetining Xalqaro iqtisod yo‘nalishlarini tamomlagan. Bank sohasida 12 yillik tajribaga ega.
Avvalroq Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri etib tayinlangandi. Mazkur vazirlikni boshqargan Bekzod Musayev esa Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar bo‘ldi.