24-sentabr kuni chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekistonda chang bo‘ronlari oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024−2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
Milliy dasturning asosiy yo‘nalishlariga bunday oqibatlarni yumshatishda texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish, 2028-yilgacha kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lish sur’atlarini hozirgi holatiga nisbatan 50%ga qisqartirish belgilangan.
2025-yildan Toshkent shahrining 12ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi.
2026-yildan esa poytaxtda o‘rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.
2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.
Poytaxtga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan ko‘mir yoqilg‘isining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi. Buning uchun issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.
2025−2030 yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbog‘” va “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.
2028-yildan “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 2025-yildan AI-80 benzinidan voz kechishni topshirdi. Toshkentda “Yevro-4"dan past standartdagi yoqilg‘idan foydalanishning salbiy ta’sirini kamaytirish rejalashtirilgan.
Aprel oyida Fransiyaning “Aksens” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz"ga Buxoro NQIZni modernizatsiya qilishda yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida AI-91 va AI-92 benzinlarini ishlab chiqarish, 2025-yil boshidan AI-80 benzinidan butunlay voz kechishni boshlash belgilangan.
19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishgandi. “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilg‘ini sotish va foydalanishni to‘liq taqiqlashda Buxoro va Farg‘ona NQIZlari yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilinadi.