23-sentabr kuni O‘zbekistonda tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” (“Medical service hospitality”) dasturi amalga oshiriladi. Davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda sanatoriy va pansionatlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini monitoring qilish tizimi joriy qilinadi.
Konsalting — diagnostika — davolash — turoperator — transport — tibbiy tarjimon xizmatlarini birgalikda ko‘rsatadigan tibbiy turizm klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “Avitsenna” nomi ostida O‘zbekistonning tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi brendi ishlab chiqiladi, toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tog‘li, shifobaxsh balchiq qatlamlari bor hamda shifobaxsh suvlar qatoriga kiritilgan va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik suv (termal suv) obyektlari mavjud bo‘lgan hududlarda sanatoriy-kurort zonalari tashkil qilinadi.
2025-yilning 1-apreligacha internet orqali yashovchilarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan elektron dasturi (E-mehmon)ga ulangan xususiy tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalari dastlabki 6 oylik abonent to‘lovi to‘lashdan ozod qilinadi.
Qarorga ko‘ra, Xalqaro qo‘shma komissiyadan (Joint Commission International) akkreditatsiyadan o‘tgan dastlabki 30ta xususiy tibbiyot muassasasining akkreditatsiyadan o‘tish xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.
Turizm qo‘mitasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- O‘zbekistonning chegara bojxona postlari hududida xorijiy fuqarolar uchun respublikadagi tibbiyot, sog‘lomlashtirish muassasalari imkoniyatlari to‘g‘risida targ‘ibot kampaniyalarini tashkil qilish;
- davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sog‘lomlashtirish muassasalarining yagona reyestrini shakllantirish va uni doimiy ravishda yangilab borish;
- toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylarni sertifikatlashtirilishini tashkil qilish;
- maxsus tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi yo‘nalishlari (marshrutlari)ni ishlab chiqish.
2025-yilning 1-martigacha tibbiyot muassasalari, sanatoriylar va tibbiy turizm yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlarning xizmatlari sifatini baholab boruvchi reytingni shakllantirish uchun elektron platforma ishga tushiriladi. Davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sog‘lomlashtirish muassasalarining yagona reyestri yuritiladi.
Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda tibbiy turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
Yil boshida keksalar va nogironligi bo‘lganlar uchun sanatoriylarga yo‘llanma olishning yangi moduli ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Bunda murojaatchilarning holati avtomatik tarzda aniqlanib, navbatga olinadi hamda toifalarga ajratilgan reja asosida yo‘llanma beriladi.