Avvalroq prezident qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Dastur doirasida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlarining ta’lim olishlariga imkoniyat yaratish belgilanmoqda. Joriy yilning 1-noyabrigacha bu bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilishi kerak.
Unda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab OTMlarida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 80%idan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun grant taqdim etish, 70%idan yuqorilariga foizsiz ta’lim krediti ajratish belgilab beriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan grantga qabul qilish uchun zarur ballning 90%ini to‘plagan talabalarga grant ajratiladi. Bunda tegishli yo‘nalish bo‘yicha ajratilgan grant kvotasining 10%gacha qismi Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari uchun yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat OTMlari rektorlari bilan oliygohlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan har yili kamida 1 mlrd so‘mgacha ta’lim grantlari ajratish amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Hujjat bilan, 1-noyabrgacha xorijiy tillarni va matn, jadval hamda grafiklarni tayyorlash va tahrirlash dasturlarini (Microsoft Office kabi), dasturlash ko‘nikmalarini o‘rganishga asoslangan o‘quv kurslari majmuini ishlab chiqish hamda har bir noutbukga o‘rnatish topshirildi.
Bundan tashqari, uch oy ichida ularga mazkur yo‘nalishlardagi masofaviy o‘quv kurslarida bepul o‘qish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur.
Avvalroq professional ta’lim muassasalari negizida texnikumlar tarmog‘ini tashkil etish belgilanayotgani ma’lum qilingandi. Sinov tarzida 14ta texnikumda Angliyaning BTEC dasturi joriy qilinib, bitiruvchilarga 70ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi.