24-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev kasbiy ta’limni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda professional ta’lim tizimi uch turdagi muassasalar — 333ta kasb-hunar maktabi, 227ta texnikum va 112ta kollejdan iborat. Ular tabaqalashganligi va dasturlari o‘rtasida uzviylik bo‘lmagani sababli mavjud quvvatlardan unumli foydalanilmayogani qayd etildi.
Shu bois mazkur 3 turdagi muassasalar negizida texnikumlar tarmog‘ini rivojlantirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, 600ta texnikum tashkil etiladi. Maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan 71ta muassasa binosi maktablarga aylantirilib, 42 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, ilgari kollejlar turli vazirlik va idoralarga qarashli edi. Endi bu tizimda boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritiladi.
Zamon talablariga tez moslashishi uchun texnikumlarning akademik mustaqilligini kengaytirish mo‘ljallanmoqda. O‘qish muddatlari va davomiyligini kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Texnikumlarda ta’lim sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Tajriba tarzida 14ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etiladi.
Bunda bitiruvchilarga 70ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi hamda 200dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi. Natijaga qarab, bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etilishi mumkin.
Qabul jarayonini ish beruvchilar talabi asosida shakllantirish maqsadida elektron platforma yaratilib, unga barcha vazirlik va tarmoqlar ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi.
So‘nggi yillarda milliy malaka tizimini isloh qilishda muayyan ishlar qilingani aytildi. Shunga qaramay vazifalar ko‘p: mingdan ziyod ishchi kasblarning standartlari ishlab chiqilmagan. Ayrim kasblar bo‘yicha kvalifikatsiyalar xalqaro talablarga mos kelmaydi.
Endi Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish respublika kengashiga Bosh vazir raislik qiladi. Uning tarkibida 24ta yangi tarmoq kengashlari tuziladi.
Shuningdek, Ta’lim sohasidagi loyihalar ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Institut rivojlangan davlatlar tajribasi asosida Milliy malaka ramkasini yangi tahrirda qabul qiladi. Lavozim va kasblar klassifikatori qayta ko‘rib chiqiladi, 100ga yaqin yangi kasblar kiritilib, hozir amaliyotda bo‘lmaganlari chiqarib tashlanadi.
Davlat rahbari texnikumlarni jihozlar va ish qurollari bilan ta’minlash, zamon talablariga mos ishchi-mutaxassislar tayyorlash, buning uchun amaliyotga keng o‘rin berish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
18-avgustdan professional ta’lim muassasalariga tanlov boshlangandi. Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 27-avgustgacha kollej yoki texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari lozim edi. 30-avgust kuni yakuniy tanlov natijalari e’lon qilindi.