25-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dunyoning 100dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashayotgan OBIIning yillik yig‘ilishida prezident kelgusi besh yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotni $160 mlrdga yetkazish reja qilinganini qayd etdi.
“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qo‘yganmiz”, — dedi davlat rahbari.
Bundan tashqari, mamlakatdagi islohotlar qatorida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirish vazifalari mavjudligi ta’kidlandi.
Prezident ta’limdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda 2030-yilgacha $30 mlrdlik DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastur qabul qilingani ta’kidlandi. Masalan, ular qatorida “Toshkent — Samarqand” va “Toshkent — Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llarini qurish loyihalari bor.
Bundan tashqari, “Toshkent — Samarqand” hamda “Samarqand — Navoiy — Buxoro” yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi.
Kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. yig‘ilishda Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50dan ziyod xorijiy kompaniyalar qiziqishini bildirgani aytildi.
Prezident o‘rta shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha $200 mlnlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha $130 mlnlik loyihalar Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganganini qayd etdi.
Avvalroq Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Yangi Toshkent” hududida yangi xalqaro aeroport qurilishini, yil oxirigacha Transport vazirligi Namangan aeroportini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha tender e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.