1-bosqich talabalari uchun 24−27-sentabr kunlari ijara to‘lovining bir qismini qoplash yuzasidan onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda arizalarni joriy o‘quv yilida talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan talabalar jo‘natishlari mumkin.
Vazirlikning qayd etishicha, “talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan” talabalarga yotoqxonada turishga ehtiyoji bor, lekin joylar soni cheklanganligi bois ijarada turgan talabalar tushuniladi. Shundan kelib chiqib, o‘z ixtiyori bilan ijarada turganlarga kompensatsiya to‘lovlari belgilanmasligi eslatib o‘tilgan.
Arizalar vazirlikning kontrakt.edu.uz platformasi orqali faqat onlayn qabul qilinadi. Ariza topshirish uchun shaxsiy hisob ochilgan bo‘lishi kerak.
Bunda 1-bosqich talabalaridan sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab qilinmaydi. Biroq, undan keyingi oylarda to‘lovlarni qoplashi uchun talaba ijara shartnomasini tuzishi kerak.
Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha qoplanadi:
- Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (340 ming so‘m);
- qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (170 ming so‘m).
Sentabr oyi boshida talabalar uchun ijara to‘lovlarini qoplashga onlayn ariza berish imkoniyati yaratildi. Kompensatsiya olish uchun barcha talabalardan shartnoma talab qilinadi.
2024/2025-o‘quv yili 9-sentabrdan boshlangandi. Shundan kelib chiqib, ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga qulaylik yaratish uchun talabalardan onlayn ariza qabul qilish 16-sentabrgacha amalga oshirilgan.
Avvalroq “Spot” Talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari qanday ishlashi, talabalar ularga qanday murojaat qilishlari mumkinligi haqidagi videoqo‘llanmani taqdim etgandi.