Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el fuqarolari soni 5,04 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 721 ming nafarga yoki 16,7% ga oshgan. Bir oyda esa 800 ming nafardan ortiq turist mamlakatga kelgan.
Tojikiston 1,47 mln nafar sayyohlar oqimi bilan yetakchilik qilmoqda. Mamlakatdan o‘tgan avgust oyida 270 ming nafar atrofida fuqaro turistik maqsadda tashrif buyurgan.
Qirg‘iziston 1,45 mln nafar fuqarosi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Bir oyda bu mamlakatdan kelgan sayyohlar soni 250 ming nafarni tashkil etgan. Qozog‘istondan bir oyda 174 ming nafardan ortiq turist kelgan, sakkiz oyda esa 1,02 mln nafar bo‘lgan.
Shuningdek, sakkiz oyda Rossiyadan 535,1 ming nafar (avgust oyida 93 ming nafar), Turkmaniston — 102,9 ming nafar (19,2 ming nafar), Turkiya — 72,9 ming nafar (10,9 ming nafar) hamda Xitoydan 42 ming nafar (6,5 ming nafar) sayyoh kelgan.
Bundan tashqari, yanvar-avgust oylarida Hindiston (39,1 ming nafar), Janubiy Koreya (28,2 ming nafar), Italiya (25,2 ming nafar) hamda boshqa davlatlardan (251,3 ming nafar) ham turistlar tashrif buyurdi.
O‘tgan davrda mamlakatga tijorat maqsadida kelgan chet el fuqarolari jami 97,4 ming nafarni tashkil etgan. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobarga (60,7 ming nafar) oshgan. Shundan asosiy qismi — 60,2 ming nafari Turkmanistondan tashrif buyurgan. Undan keyingi o‘rinda 29,1 ming nafar bilan Tojikiston joylashdi.
Davolanish maqsadida kelgan turistlar soni esa 34 ming nafar yoki 83,6%ga o‘sish bilan jami 74,7 ming nafarni tashkil etgan. Tojikiston bu maqsadda tashrif buyuruvchi turistlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda — 57,38 ming nafar.
Avvalroq xorijdan turist olib kelgan turoperatorlarga subsidiya berish tartibi tasdiqlangandi. Turistlarni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar teng ulushlarda $20dan $100gacha beriladi.