O‘zbekistonda Finlyandiyaning oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmati “Wolt” rasman ishga tushirildi. Bu haqda kompaniyaning mobil ilovasida xabar berilgan.

“Endi biz Toshkentda ishga tushirilganimizni mamnuniyat bilan e’lon qilamiz”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston “Wolt” veb-saytida yetkazib berish xizmati faoliyat ko‘rsatadigan mamlakatlar ro‘yxatida paydo bo‘ldi. Mavjud shaharlar orasida faqat Toshkent bor.

Kompaniya xodimlarni ishga qabul qilishni e’lon qildi: yordamchi xodimlar, savdo va qo‘llab-quvvatlash guruhi menejerlari, savdo menejerlari, asosiy hisob menejerlari, kontent menejerlari, shuningdek, bosh direktor.

“Spot” muxbiri “Wolt” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, restoranlarni joylashuvi bo‘yicha qidirganda, “Woltda hali sizga yaqin restoran yo‘q” degan xabar paydo bo‘ladi.

Fevral oyida “Wolt Enterprises Oy” O‘zbekistonda “Wolt Texnologiyalari” MChJ yuridik shaxsini ochdi. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, kompaniyaning ustav kapitali 6,15 mlrd so‘mni tashkil etadi va rahbari Elina Mariya Hakkarainen.

“Wolt” — 2014 yilda yaratilgan Finlyandiyaning oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmati. Kompaniya 28 mamlakatda, jumladan Gruziya, Ozarbayjon va Qozog‘istonda mavjud.


Avvalroq “Spot” Izzat Shukurov “Yandex Uzbekistan” rahbari etib tayinlangani haqida yozgandi.

Bungacha u “Payze fintex” kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan. Shuningdek, “Newmax Technologies”, “MyTaxi” hamda “Express24” kabi loyihalarda ishtirok etgan.