“Uzbekistan Airways” ikkita “Airbus A321 Neo” havo kemalarini lizingga olishga kelishib oldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha “SMBC Aviation Capital” lizing kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Samolyotlarni yetkazib berish 2026-yilga mo‘ljallangan bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri “SMBC Aviation Capital” “Airbus” buyurtmalari portfelidan amalga oshiriladi.
“„Uzbekistan Airways“ Markaziy Osiyo mintaqasida aviatashuvlar bo‘yicha yetakchi bo‘lishni o‘z oldiga katta maqsad qilgan. Yo‘nalishlar tarmog‘ini doimiy ravishda kengaytirish, parvozlar sonini ko‘paytirish va ularni yangi Airbus A320/A321 NEO oilasiga mansub havo kemalarida samarali amalga oshirish rejalashtirilgan” — dedi “Uzbekistan Airways” boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov.
Milliy aviatashuvchi “Airbus A321 Neo” avialaynerlari kompaniya uchun yangi turdagi havo kemasi ekanligini, kelishuv Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo yo‘nalishlarini kengaytirish imkonini berishini qayd etdi.
Avgust oyi oxirida “Centrum Air” xususiy kompaniyasi “Airbus A321neo” samolyotini oldi. Tashuvchi samolyotni yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli lizing shartnomasini ham tuzdi.
Avvalroq “Silk Avia” oktabrdan O‘zbekiston bo‘ylab uchta yo‘nalishda parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi. Xususan, 8-oktabrdan Farg‘onadan Samarqandga hamda Qo‘qondan Buxoroga, shuningdek, 11-oktabrdan Qo‘qondan Termizga aviaqatnovlar boshlanadi.