Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta narxi tushirilishi haqidagi xabarlar, fermerlar qo‘shimcha shartnoma imzolashga majburlanayotganligi holatlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Jahon bozorida paxta tolasi narxlari mamlakatda prognoz narxlariga nisbatan pasayib ketgani, natijada yil boshida tuzilgan fyuchers shartnomasidagi narxlar hozirgi real narxlarga to‘g‘ri kelmayotganligi sababli klasterlar o‘z mahsulotlarini jahon bozorida sotishda juda katta zararga duch kelayotgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, jahon bozorida shakllangan fyuchers kotirovkalari boshlang‘ich narxlari bir tonnasi uchun 6,8 mln so‘m atrofida shakllanayotganligidan kelib chiqib, past narx belgilanadigan bo‘lsa fermerlar jabr ko‘rishi mumkin.
Vazirlik hukumatning paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarori fermerlar va klasterlar manfaatlarini birdek ko‘zlab, ularning katta miqdorda zarar ko‘rmasliklari uchun qabul qilinganini ta’kidladi.
Mazkur qaror bilan paxta yetishtiruvchilar tomonidan birjada sotilgan bir tonna paxta uchun elektron hisob-faktura asosida 1 mln so‘m miqdorida subsidiya beriladi. Bu fermerlar yetishtirgan paxta xom ashyosini belgilangan tartibda realizatsiya qilganda zarar ko‘rmasliklari uchun ajratiladi.
“Alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir jihat borki, kuzning bugungi o‘zgaruvchan ob-havosi sharoitida paxtani yog‘in-sochinga qoldirmasdan tezroq terib olish nuqtai-nazaridan bu shartnomalarni jadallashtirish katta ahamiyatga ega. Sababi fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotini shartnoma tuzish orqali topshirmasa va uni paxta qabul qilish maskanlariga eltib, elektron tarozi orqali “Agroplatforma.uz"ga joylamasa, subsidiya berishning imkoni bo‘lmaydi. Tabiiyki, terim puli ham chiqmaydi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, fermer o‘zi tayyorlagan mahsulotni taklif qilinayotgan shartlarda sotishga xohlamasa, xom-ashyoni paxta qabul qilish punktlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirishi mumkinligi aytilgan.
Xususan, fermer qabul qilish punkti bilan vaqtincha saqlashga xarajatlarni qoplash sharti bilan shartnoma qilishi lozim. Unga ko‘ra, xom-ashyo agroplatformada ro‘yxatdan o‘tadi va fermer (qachon va kimga) o‘z mahsulotini sotmoqchi bo‘lsa terim davrida yoki undan keyin ixtiyoriy qaror qabul qiladi. Mahsulot elektron tarozi orqali o‘tkazilib, xom-ashyo miqdoriga qarab terim uchun pul oladi.
Avvalroq “Kun.uz” nashri Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforov tumanlardan birining hokimiga hamma fermerlarni majlisga yig‘ib, “birja tomonidan tashlab berilgan blanka"ga muhr va imzo qo‘ydirishni topshirgani haqida xabar bergandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i vaqtincha saqlash uchun shartnoma tuzish kerakligini nazarda tutgan bo‘lishi mumkinligini, lekin buni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelganini qayd etdi.
“Tabiiyki, xatoga yo‘l qo‘yilgan. Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan”.
Vazirlik 90%dan ortiq fermerlar kelishuvga asosan o‘z shartnomalarini qayta rasmiylashtirganini, subsidiyaga ega bo‘lib, paxta xom ashyosini umumiy qiymati 7 800 so‘mdan topshirayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, terim pulini olishda paxta miqdori elektron tarozi orqali o‘tkazilib, “Agroplatforma.uz"da aks ettirish orqali shaffoflik ta’minlanmoqda.
Agar fermerlarda tushunmovchilik holati bo‘lsa, vazirlik har bir holatni ko‘rib chiqib, yechim va yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Paxta xom-ashyosini topshirishdagi barcha muammoli holatlarda qabul punktlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirib, muammoli masalalarni ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro bartaraf etish mumkin.
Vazirlikka ko‘ra, bundan maqsad terilgan paxta o‘z vaqtida qabul punktlarida to‘g‘ri saqlanishi va shaffof tarzda agproplatformada aks etishi kerak.
Avvalroq “Spot” “Global Textile” tekstil klasteri rahbari Muzaffar Razoqov bilan minimal narxni belgilash zarurati va metodologiyasi, shuningdek, bozor munosabatlariga o‘tish haqida suhbatlashgandi.