Avvalroq chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingandi.
Unda 2030-yildan Toshkent va unga yaqin Toshkent viloyati hududlarida joylashgan issiqlik korxonalari va elektr stansiyalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash belgilandi.
Bunda 2025-yilning kuz-qish mavsumidan boshlab zaxira yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishga faqat hukumatning har yili kuz-qish mavsumi oldidan chiqariladigan qarori asosida ob-havo va texnologik rejimlardan kelib chiqqan holda ruxsat beriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2025-yilning 1-fevraligacha shaharsozlikda havo sirkulyatsiyasi va havo oqimlarining fizik xossalari, joy relefidan kelib chiqib modellashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.
Bu hujjat ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiyot tarmoqlarini joylashtirish va rivojlantirish konsepsiyalari, sxemalarining loyihalari, 50 mingdan ortiq kishi istiqomat qilishi loyihalashtirilayotgan obyektlar uchun shaharsozlik hujjatlari va shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqishda majburiy ravishda foydalanishga asos bo‘ladi.
Shuningdek, Toshkentda atmosfera havosini yaxshilashga qaratilgan dastur tasdiqlanadi hamda u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Toshkentning diqqatga sazovor ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
- “Shahar — piyodalar uchun” shiori asosida jamoat transportiga ustunlik berilishini ta’minlash;
- Toshkent hamda har bir tumanining ekologik “master-reja"sini ishlab chiqish;
- sanoat korxonalarida filtrlarni o‘rnatish va eskilarini almashtirish;
- mikroiqlim mo‘tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
- atmosfera havosi bilan bog‘liq xavflar va uning salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish va boshqalar.
Milliy dasturga muvofiq chang va shakllanadigan qum bo‘ronlari va tez-tez sodir bo‘ladigan hududlarda, xususan Orolbo‘yi mintaqasida, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va tumanlarida chang va qum bo‘ronlari monitoringini olib boruvchi stansiyalar tarmog‘i kengaytiriladi.
Toshkent, Termiz, Buxoro va Nukus shaharlarida aerologik stansiyalar (kuzatuvlar) tarmog‘i tiklanadi. Termiz, Samarqand, Urganch shaharlarida esa meteorologik radiolokator tarmog‘i kengaytiriladi.
Tuman va shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun 347ta avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi.
2025-yilning aprelidan qurilishga ruxsat beruvchi ruxsatnomalarni berishda chang va qum zarralarining havoga ko‘tarilish ehtimoli ko‘p bo‘lgan qismlariga suv purkagichlar, qurilish hududiga avtotransportlarni kirib-chiqish yo‘laklariga osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlar o‘rnatish yuzasidan qat’iy talablar kiritiladi.
Mamlakat miqyosida maydoni 500 kv.metrdan oshadigan qurilish maydonlaridan maxsus avtotransport vositalarini yuvmasdan yo‘llarga chiqarilmasligi ustidan nazorat o‘rnatiladi. Bunda qurilish maydonlari hududida maxsus Yuvish moslamalarini (moyka) o‘rnatish majburiyati belgilanadi.
Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ekologiya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalarida yaylov ekotizimlarini boshqarish yo‘nalishida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hukumatga taklif kiritishi zarur.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 2025-yildan AI-80 benzinidan voz kechishni topshirdi. Toshkentda “Yevro-4"dan past standartdagi yoqilg‘idan foydalanishning salbiy ta’sirini kamaytirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 1-martdan Toshkentda tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlanishi belgilangandi. Bu ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Aprel oyida Fransiyaning “Aksens” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz"ga Buxoro NQIZni modernizatsiya qilishda yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida AI-91 va AI-92 benzinlarini ishlab chiqarish, 2025-yil boshidan AI-80 benzinidan butunlay voz kechishni boshlash belgilangan.