Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilinadi.
Hujjat bilan, pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi. Unga bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilik qiladi.
Shuningdek, guruhda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov kabi vazirlik va idoralar o‘rinbosarlari ham bor.
Kelishuv asosida Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari jalb qilinadi.
Mazkur guruh amaldagi davlat pensiya ta’minotida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda xorijiy tajriba asosida tizim barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlaydi.
Shu bilan birga, 2025-yilning 1-martigacha pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, Prezidenti administratsiyasiga kiritilishi kerak.
Guruh vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va ta’lim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislarini, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilishi mumkin. Loyiha bo‘yicha takliflar mazmun-mohiyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritadi hamda so‘rov o‘tkazadi.
Shuningdek, guruh xorijiy ekspertlar, olimlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazishi mumkin. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida mutaxassislar xorijga qisqa muddatli xizmat safariga yuboriladi.
Iyul oyida Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda pensiya tizimini yaxshilash bo‘yicha takliflar bergandi. Mamlakatda tizimni yaxshilashda pensiya tayinlash shartlarini va pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Endi pensiyalar miqdorlari inflyatsiya darajasining o‘sish sur’atlari asosida oshirib boriladi. Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish huquqi berildi.