Toshkent shahrida jamoat transporti bosqichma-bosqich elektr va gazga o‘tkaziladi. Bu haqda chang bo‘ronlariga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarorida keltirilgan.
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning birinchi va ikkinchi toifasiga kiruvchi sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘"lar barpo etiladi.
2025-yilning bahor va kuz mavsumida Toshkent viloyatidan 173ta sanoat korxonasi hududi va ularga tutash hududlarda 1,3 mln tup, poytaxtdagi 30ta sanoat korxonasi hududida 300 ming tup daraxt ko‘chatlari ekiladi.
Atmosfera havosining sifati bo‘yicha ekologik ma’lumotlarni joylashtirish uchun maxsus tablo va monitorlarni o‘rnatishga Ekologiya vazirligiga yer uchastkalari ajratiladi.
Bu bo‘yicha 2025-yilning iyunigacha poytaxt hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ekologiya vazirligiga joy ajratish uchun shaharning markaziy ko‘chalarida, jamoat joylarida kamida 20ta yerni aniqlash topshirildi.
Noqulay meteorologik sharoit bo‘yicha tezkor gidrometeorologik axborot, (shtorm) ogohlantirish berilganda yirik korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirish yo‘lga qo‘yiladi. Maxsus huquqiy rejimga ega va strategik obyektlar bundan mustasno.
Noqulay meteorologik sharoit e’lon qilinganda quyidagi tartibda ko‘rsatma xatlari chiqariladi:
- birinchi bosqichda ruxsat etilgan me’yoriy miqdordan (REMM) bir marta oshsa — korxona va tashkilotlar tomonidan atmosferaga tashlanayotgan zararli moddalar miqdori 15−20%ga qisqartiriladi;
- ikkinchi bosqichda REMMdan uch marta oshsa — 20−40%ga;
- uchinchi bosqichda REMMdan besh marta oshsa — 40−60%ga qisqartirish.
2025-yilning mayigacha elektr va gaz ballonli yoqilg‘i tizimiga o‘tkazish uchun mavjud foydalanilayotgan transport vositalari xatlovdan o‘tkazilib, ularga bo‘lgan talab o‘rganiladi.
Bu tizimga 2027-yil oxirigacha mo‘ljallangan moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan barcha ko‘chma jamoat transporti vositalarini muddatidan oldin o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, hujjatda kelasi yil davomida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish orqali Toshkentda jamoat transporti ustuvorligini ta’minlash belgilangan.
Bunda markaziy shaharlarda transport va piyodalar oqimlarining kesishish nuqtalari sonini kamaytirish, alohida avtobus yo‘llarini tashkil etish orqali tezkor avtobus yo‘nalishlari (BRT) tizimi joriy etiladi.
Chorrahalarda avtobuslarning ustuvor harakatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni, yo‘lovchilar va yo‘nalishli taksilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishini hisobga olgan holda bekatlarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.
2030-yildan Toshkent va unga yaqin Toshkent viloyati hududlarida joylashgan issiqlik korxonalari va elektr stansiyalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash belgilandi.
Bunda 2025-yilning kuz-qish mavsumidan boshlab zaxira yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishga faqat hukumatning har yili kuz-qish mavsumi oldidan chiqariladigan qarori asosida ob-havo va texnologik rejimlardan kelib chiqqan holda ruxsat beriladi.