Avvalroq “Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘ qo‘rg‘oni” yo‘lining bir qismini pullik qilish rejalashtirilayotgani, Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasi mazkur yo‘lning 70 km uzunlikdagi qismini rekonstruksiya qilishi haqida xabar berilgandi.
Mazkur avtomobil yo‘lining bir qismini pullik qilish uchun unga muqobil ravishda bepul yo‘lni ta’minlash kerak. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida qayd etdi, deya xabar berdi nashr. Savol javoblar OIIBning to‘qqizinchi yillik yig‘ilishi doirasidagi sessiyada bo‘lib o‘tdi.
“A nuqtadan B nuqtaga boriladigan yo‘lda muqobillik ta’minlanishi shart, bu mening shaxsiy fikrim. Bugungi kunda Toshkent-Bo‘stonliq yo‘lida muqobillik asosida boriladigan bir emas, ikkita yo‘l bor”, — dedi Jamshid Tursunov.
Qo‘mita raisining fikricha, yo‘lni uzil-kesil pulli qilish haqida aytilishiga sal boshqacharoq qarash lozim. Shu bilan birga, u Toshkentdan Bo‘stonliqqa boruvchi yo‘lning tirband bo‘lishiga ham e’tibor qaratdi.
Turkiyalik hamkorlar bilan bu yo‘lni tijorat maqsadida rekonstruksiya qilish masalasi qo‘yilgandi, ular yo‘lni pulli qilish bo‘yicha taklif bermoqda.
Shuningdek, Jamshid Tursunov Xitoyning “CITIC” kompaniyasi Toshkentdan Bo‘stonliqqa borishda Chirchiq shahrini aylanib o‘tuvchi yo‘l loyihasi ustida ishlayotganini qo‘shimcha qildi.
“Bundan tashqari, Xitoyning „CITIC“ kompaniyasi Toshkent-Bo‘stonliq yo‘lini yangi yo‘nalishda — Chirchiq shahrini aylanib o‘tish loyihasini taqdim etgan va bu loyihaning texnik iqtisodiy asoslari, hozir aytilayotgan loyihadan ancha oldin ishlab chiqilib, ekspertizasi olib borilmoqda. Va shu bo‘yicha ham hali e’lon qilinmagan 2−3ta loyihalarimiz bor”, — dedi qo‘mita raisi.
Jamshid Tursunov OAVdan buni to‘g‘ri talqin qilishni ham so‘rab, xavotirga o‘rin yo‘qligini aytgan. “Hali yo‘q narsaga budjetdan qilingan yo‘lni pulli qilar ekan, degan fikrni uyg‘otish noto‘g‘ri bo‘ladi. Unday bo‘lmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q”, dedi u.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, transport vazirligi mazkur pulli yo‘l uchun hali tender o‘tkazmagan.
Vazirlik kompaniya takliflari ko‘rib chiqilganini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari hali ishlab chiqilmaganini ma’lum qildi. Buning uchun tender o‘tkazilib, loyiha pudratchisi aniqlanadi.
Qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish jarayonini joriy yilning dekabridan boshlash rejalashtirilmoqda. Toshkent-Andijon yo‘li esa 2026-yilda boshlanadi.
Bundan tashqari, 2027−2030-yillarda Samarqand va Buxoro o‘rtasida pullik avtomobil yo‘lini qurish belgilangan. Loyiha qiymati $1 mlrdni tashkil etadi.