Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun o‘z iqtisodiy prognozlarini yaxshilash maqsadida qayta ko‘rib chiqdi. Bu haqda tashkilotning kuzgi hisobotida keltirilgan.
2024-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6% (aprel oyidagi prognozga nisbatan +0,5%), 2025-yilda esa 6,2% (+0,6%) bo‘lishi kutilmoqda. Bu mintaqa bo‘yicha Tojikistondan keyin eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi — 6,5%.
OTB ekspertlarining fikricha, O‘zbekistonda YIM o‘sishiga hissa qo‘shgan asosiy omillardan biri iqtisodiyotning sanoat va qurilish kabi muhim tarmoqlarida o‘sish sur’atlarining tezlashgani bo‘ldi.
Birinchi yarim yillikda mamlakat sanoat tarmog‘i 7,8%ga o‘sdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (5,6%) sezilarli darajada yuqoridir. Infratuzilma va uy-joy qurilishiga investitsiyalarning ko‘payishi hisobiga qurilish tarmog‘i ham yuqori natijalarga erishdi va o‘sish sur’atini ikki baravar oshirib, 10,1%ga yetkazdi.
Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sishda iste’mol xarajatlarining ortishi muhim rol o‘ynadi.
Yaqinda ish haqi va pensiyalarning indeksatsiya qilinishi tufayli 2024-yilda iste’mol xarajatlari 5,5%ga oshdi.
Bundan tashqari, inflyatsiya bo‘yicha prognozlarga tuzatishlar kiritildi. Endilikda inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari 2024-yilda 9,5%gacha (aprel oyidagi prognozga nisbatan -0,5%) va 2025-yilda 9%gacha (-0,5%) pasayishi prognoz qilinmoqda.
OTB inflyatsiya o‘sish sur’atlarining sekinlashishini oziq-ovqat mahsulotlarining ichki taklifining oshishi va import tovarlari narxlarining pasayishi bilan bog‘lamoqda. Energiya resurslari narxlari oshganiga qaramay, umumiy inflyatsiya darajasi pasaydi, deya ta’kidlaydi tashkilot ekspertlari.
Avvalroq OTB O‘zbekiston bilan yangi besh yillik hamkorlik strategiyasini ishga tushirayotgani haqida xabar berilgandi.