Avvalroq 26-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev qurilish, ta’lim, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda Buxoro davlat universiteti uchun yangi kampus qurish loyihasi ham taqdim etildi. Yangi kampusni Buxoro shahrining chekkasidagi 43 gektar maydonda qurish rejalashtirilmoqda.
Majmuada barcha fakultetlar, ma’muriyat, yotoqxonalar, laboratoriyalar, kutubxona, stadion, sport zali va amfiteatr yaxlit joylashadi.
Shuningdek, 21 mingdan ortiq talabaning dars va amaliyoti uchun sharoitlar yaratiladi. Yotoqxona o‘rni 3 mingtadan 6 mingtaga oshiriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida universitetda talabalarni boshqarish tizimi raqamlashishini ma’lum qildi.
“Muhtaram prezidentimiz sun’iy intellekt yordamida o‘quv jarayonini nazorat qilish, 40dan ortiq xizmatlarni ham talabalarga raqamlashgan holda taqdim etishni topshirdi. Universitet bilim-ilim shug‘illanishi, ishlab chiqarilgan mahsulotni tijoratlashtirish va jamiyat oldidagi muammolarni yecha oladigan universitetga aylanishi kerak”, — dedi vazir.
Qayd etilganidek, bo‘lajak kampus shaharning turi hududlarida tarqoq joylashgan universitetning 10ta fakultetini birlashtirish imkonini beradi.
Avvalroq prezident Samarqandda o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida ta’limdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qilgandi.