26-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev qurilish, ta’lim, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 3-aprel kuni Yangi Toshkent shahrining dastlabki inshootlari qurilishi boshlandi. Shulardan biri — Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmuadir.
Mazkur majmua “Zaha Hadid architects” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan bo‘lib, unda o‘ziga xos dizayn va funksionallik, estetika va qulaylik birlashtirilgan. Shu jihatlari bilan majmua kelgusida xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Yangi Toshkent hududidan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 kilometrga yaqin qismida aholi va mehmonlarga sharoit yaratish maqsadida dam olish hududi barpo etish mo‘ljallangan. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
Bundan tashqari, taqdimotda Xiva shahridagi poyezd vokzali yonida yo‘l o‘tkazgich barpo etish mo‘ljallanayotgani ma’lum qilindi.
Loyihaga ko‘ra, 450 metrlik bu yo‘l transportlar qatnovini alohida tashkil etish imkonini beradi, vokzal va Ichan qal’a o‘rtasida piyodalar xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida qayd etishicha, yo‘l o‘tkazgich alleyani saqlab qolgan holda quriladi.
“Prezidentimiz yer osti yo‘lini qurish bo‘yicha taqdimotimizni ma’qulladilar hamda ushbu loyihani keyingi yildan boshlash bo‘yicha topshiriq berdilar. Ushbu yer osti yo‘li madaniy meros obyektlariga umuman zarar yetkazmaydi”, — dedi Jamshid Tursunov.
Shuningdek, u yo‘lning uzunligi 450 metrni tashkil etgan holda, shundan 50 metri yopiq, qolgan 400 metri esa ochiq galereya shaklida qurilishini qayd etdi. Davlat rahbari loyihalarni takomillashtirish, amaldagi ishlarning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda shuningdek, Toshkent shahrida investitsiya dasturlarining bajarilishi haqida axborot berildi. Joriy yilning o‘tgan davrida $2 mlrd qiymatidagi investitsiyalar o‘zlashtirilgan.
Shu bilan birga, 200ga yaqin sanoat loyihalari foydalanishga topshirilib, 25 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Jumladan, Yangihayot tumanidagi texnoparkda 46ta korxona tashkil etilmoqda.
Prezident yil yakunigacha mo‘ljallangan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, energiya tejamkorlikka alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq Toshkent viloyatidan 14ta mahalla Yangi Toshkent hududiga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 11ta, O‘rta Chirchiq tumanidan esa 3 mahalla qisman poytaxtning 13-tumani tarkibiga qo‘shiladi.