Joriy yil oxirigacha Yevroosiyo taraqqiyot banki Toshkentda o‘z ofisini ochadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
26-sentabr kuni Samarqandda o‘z ishini yakunlagan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalari banki Boshqaruvchilar kengashining 9-yillik yig‘ilishi doirasida vazir Laziz Qudratov Yevroosiyo taraqqiyot banki (YOTB) boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda hamkorlik chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Bank raisi O‘zbekiston bankning mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biri ekanligini ta’kidlab, yaqin vaqt ichida bir qator yirik davlatlar aksiyadorlar tarkibiga qo‘shilishini ma’lum qildi.
Tomonlar umumiy qiymati $3,3 mlrdga teng bo‘lgan qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga kelishishdi. Xususan, joriy yilda 5ta no-suveren loyiha amalga oshiriladi.
Shuningdek, yil oxirigacha Toshkentda YOTBning mamlakat idorasini ochish rejalashtirilgan. Bu orqali tomonlar loyihalarni moliyalashtirishni tezlashtirish va hamkorlikni yaxshilashni maqsad qilgan.
Avvalroq bankning “Toshkent” respublika fond birjasida (RFB) qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish rejalari ma’lum bo‘lgandi. Bundan tashqari, bank milliy va xorijiy valyutada mahalliy obligatsiyalarga investitsiya kiritmoqchi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki moliya tashkiloti bo‘lib, unga aʼzo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo makonida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.