O‘zbekiston va Misr qo‘shma savdo palatasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 26-sentabr kuni palata raisi Davron Vahobov va Misr Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ahmad Shahin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish holati va imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Xususan, O‘zbekiston-Misr qo‘shma savdo palatasini tuzish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasiga e’tibor qaratildi. Bu ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi vosita bo‘lishi ta’kidlandi.
Palataning asosiy vazifalari savdo munosabatlarini rivojlantirish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, to‘qimachilik sanoati, turizm, charm ishlab chiqarish va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni rag‘batlantirib boradi.
Bundan tashqari, uchrashuvda eksport salohiyatini oshirish va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga yangi texnologiyalarni jalb qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
2023-yilning iyul oyi oxirida Misr ishbilarmonlar uyushmasi ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib olgandi. Undan keyin Misrning Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi bosh kotibi Yusef Xalavi Savdo-sanoat palatasiga a’zolik taklifini berdi.
Joriy yilning iyun oyida Port Said shahrida O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining qo‘shma Savdo uyi hamda distibyutorlik va sanoat kooperatsiyasi markazini ochish bo‘yicha shartnoma imzolandi.