“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun onlayn kalkulyator ishlab chiqildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
U orqali kompensatsiya summalarini hisoblash va mablag‘ miqdorini oldindan aniqlash, shuningdek, kompensatsiya taqdim etiladigan hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ro‘yxati to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin.
Buning uchun eksportchi korxona faqat mahsulotlarning TIF TN raqami, eksport qilinayotgan mamlakat, transport turi va xarajatlari, eksport qiymati hamda mahsulot og‘irligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritishi kerak.
Xizmat hozirda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi"ning “Subsidiyalar tizimi” portalida mavjud hamda undan havola orqali foydalanish mumkin.
Shuningdek, xizmat borasida qo‘shimcha ma’lumotlarni +998 (71) 207 04 06 (105) raqamidan olish imkoniyati ham mavjud.
Avvalroq eksportning umumiy tushumdagi ulushi 15%dan ortiq bo‘lgan korxonalarga 2019-yilda joriy etilgan eksport uchun tovar va xizmatlarni sotishdan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.